Mazkur maqolada O‘zbekistonda tarixshunoslik tadqiqotlarining shakllanishi, rivojlanish bosqichlari va bugungi kundagi metodologik yangilanish jarayonlari tahlil qilinadi. 1920–1930-yillardan boshlab tarixiy bilimlarning umumlashtirilgan manbalari yuzaga kelgani, 1950–1960-yillarda tarixshunoslikning alohida ilmiy yo‘nalish sifatida shakllanib borgani, 1968-yilda Tarix instituti huzurida “Tarixshunoslik” bo‘limi ochilgani ilmiy maktabning tamal toshi sifatida ko‘rsatiladi. Mustaqillik davrida tarixiy tadqiqotlarda yangi paradigmalarning paydo bo‘lishi, tarixshunoslikning muammoli yondashuvlar asosida kengayishi va ilmiy maktablarning shakllanishi yoritiladi. Shuningdek, V.V. Lunin, G.I. Jeltova, F.H. Qosimov kabi olimlarning tarixshunoslik rivojiga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof qilinadi. Tadqiqotda O‘zbekiston tarixshunosligining metodologik takomillashuvi, ilmiy izlanishlarning yangi bosqichi, arxiv manbalarining ochilishi va nazariy yondashuvlarning boyishi haqida fikr yuritiladi.