Hozirgi davrda inson o‘zi ixtiro qilgan texnologik vositalarning asiriga aylanib, yangi global inqirozni paydo qila boshladi. Bu inqiroz ekologik inqiroz sifatida ilmiy manbalarda qayd etila boshladi. Bugun global axborot makonida jahon hamjamiyati muhokama qilayotgan masalalardan biri – bu, shubhasiz, insoniyatning kelajakda yer yuzida omon qolishi, unga to‘siq bo‘layotgan global omillar mavzusidir. Shu jihatdan jamiyat uchun ideal darajadagi ekologik muhitni yaratish va uni kelajak avlodga bus-butun holicha qoldirish, jamoatchilikning ekologik savodxonligini oshirish, ekologik mas’uliyatini qaror toptirish va mustahkamlash – dolzarb vazifalardan biridir.