So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilayotganiga qaramay, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan gender kamsitish holatlari uchramoqda. Ushbu holatlar oilada, ish joyida, ko‘chada, ta’lim tashkilotlarida kuzatilmoqda. Qolaversa, zo‘ravonlik holatini tavsiflovchi statistik ma’lumotlarni to‘plash va yaxlit tarzda tahlil qilish imkoniyatlari yetarli darajada emasligi, turli yoshdagi xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash va oldini olish tizimini boshqarishda, huquqiy qo‘llab-quvvatlashda bu sohada profilaktika tizimi subyektlarining o‘zaro hamkorlik qoidalari va texnologiyalarida kamchiliklar mavjudligi, mazkur muammoga kompleks tarzda yondashuvning samaradorligiga oid muammolar o‘z yechimini kutmoqda. Ular orasida ish joyi va ta’lim muassasasida sodir etiladigan zo‘ravonlik holatlari kam tadqiq etilgan bo‘lib, bu borada xotin-qizlar orasida muammoni yashirish kuzatiladi. Ushbu muammo bo‘yicha xotin-qizlarning fikrini o‘rganish, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalarida tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining sabablari va omillarini aniqlash maqsadida sotsiologik so‘rov o‘tkazildi.
Shuningdek, maqolada o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari tahlili keltiriladi va mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, gender kamsitish holatlari va uning turlaridan biri hisoblangan xarassment tushunchasiga atroflicha to‘xtab o‘tiladi hamda xotin-qizlarga qarshi qaratilgan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha taklif va tavsiyalar beriladi.